TBC Group Paymening qolgan ulushini ham sotib oldi

Kompaniya 2019-yili Payme aksiyalari nazorat paketining 51%ini sotib olgandi. Endi u 100%lik egasiga aylandi.TBC Group Paymening qolgan ulushini ham sotib oldi
“TBC Bank Group” “Payme"ning qolgan 49% ulushini $55,7 mlnga sotib oldi, deya xabar berdi Gruziya kompaniyasi matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, kompaniya mablag‘larni 10 bank kuni ichida to‘lashi belgilangan.
2019-yilda “TBC Bank” “Payme” aksiyalari nazorat paketining 51%ini sotib olgandi. O‘shanda bitim summasi $5,5 mlnni tashkil qilgan. Shundan beri “Payme” sezilarli darajada o‘sdi, deyiladi hisobotda.$55,7 mlnga aksiyalarni sotib olish kompaniyaning $113,6 mlnga baholanganligini anglatadi. Qolgan ulushga ega bo‘lgach, “TBC PLC” “Payme” kompaniyasining yagona egasiga aylandi.2022-yilning dekabrida umumiy yillik daromad va foyda $17,5 mln va $11,4 mlnga yetdi (2018-yildagi $1,6 mln va $0,8 mlnga nisbatan). Oylik faol mijozlar soni 2023-yilning mart oyi oxirida 2019-yilning aprelidagi 1,3 mln foydalanuvchiga nisbatan 3,1 mlnni tashkil etdi.
Bitim 2019-yil aprel oyida Payme’dagi 51%lik Gruziya kompaniyasi tomonidan dastlabki sotib olish chog‘ida tomonlar tuzgan kelishuv doirasida amalga oshirilgan.
Kompaniyaning qayd etishicha, xarid O‘zbekistonda yetakchi fintech ekotizimini yaratish uchun mo‘ljallangan kengaytirish strategiyasiga mos keladi.
Bank rahbari ikki yo‘nalishidagi birgalikdagi ishlar O‘zbekistonda o‘rta muddatli maqsadlarga, xususan, o’z kapitalining rentabelligi kamida 30%, oylik faol foydalanuvchilar soni 5 mln va guruh sof foydasining 10−15% ulushiga erishishga ishonmoqda.“Ushbu [sotib olish] bizga to‘lov instituti va raqamli bankimiz — „TBC Bank“ o‘rtasida katta foydalanuvchilar bazasi va turli xil mahsulotlardan foydalangan holda o‘zaro hamkorlik salohiyatidan foydalanish imkonini beradi”, — dedi “TBC Bank” rahbari Vaxtang Butsxrikidze.
Joriy yil mart oyi boshida “TBC Bank Group” joriy yilda “Payme"ning qolgan ulushini sotib olishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.
https://www.gazeta.uz/oz/2023/05/23/payme/