Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
“Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi.
16 Dec 2024
Prezident raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
      O‘tgan 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘ldi. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi.

      Endi banklar mana shunday sinovdan o‘tgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, ularni kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerakligi taʼkidlandi. Ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi. 

      Oilaviy tadbirkorlik dasturlariga kredit resurslari faqat davlat mablag‘laridan ajratilmoqda.

      Xalq banki tashabbusi bilan Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy ommaboplik dasturi doirasida 50 million so‘mgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berilmoqda. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Osiyo taraqqiyot banki dasturga 150 million dollar ajratishga tayyor. 

     Ushbu namuna asosida kelgusi yilda 9 ta davlat bankiga chetdan 1 milliard dollar kredit jalb qilib, 250 ming odamni daromadli qilish tavsiya qilindi.

    Davlat banklari ham bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami 50 million dollar ajratishi muhimligi qayd etildi. Startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ham ochish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. 

     Og‘ir tumanlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida yondashuv joriy qilinishi taʼkidlandi.

     Masalan "Sanoat qurilish banki" Quvadagi yirik eksportyor bilan Qo‘ng‘irot tumanida brokkoli ekish va yog‘ochni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirdi. Bunga past foizli kredit ham berdi.

     Bu tajriba maʼqullanib, sharoiti og‘ir 71 ta tumanga boshqa hududlardan tadbirkorlarni taklif qilish uchun ularga qo‘shimcha kredit, 2025 yilda 1 mingta og‘ir mahalla infratuzilmasiga 3 trillion 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

     O‘tgan olti yilda 1 million 600 ming nafar aholi “yaxshi” kredit tarixiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, tarixi “o‘rta” baholanganlarga yangi kredit olishda talablar kuchayishi tabiiy.

      Bunday mijozlarning kredit tarixini yaxshilash, kelgusida ular tadbirkorga aylanishi uchun banklar katalizator bo‘lishi lozimligi taʼkidlandi.

     Kelgusi yilda loyihasi bor 100 mingta “o‘rta” toifadagi mijozlar bilan uch oylik individual reja asosida ishlash, ularning soliq, elektr, gaz kabi boshqa to‘lovlarini ham inobatga olish, moliyaviy bilimini oshirish va loyihalarini yaxshilash orqali ularni tadbirkorga aylantirish taklif qilindi.  

     Oxirgi 5 yilda kichik va o‘rta biznesning kredit portfelidagi ulushi 40 foizdan 28 foizgacha pasaygani ko‘rsatib o‘tildi. Bunday kreditlar ulushini 40 foizga yoki 120 trillion so‘mga yetkazish choralarini ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.

    Umuman, yirik loyihalarni kichik biznes hisobidan moliyalashtirish amaliyotiga chek qo‘yish vaqti kelgani qayd etildi. 

    Prezident banklarni o‘ylantirayotgan qator masalalar borligini taʼkidlab, ularning yechimiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

    Xususan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Banklar ulardan tezroq qutilsa, qo‘shimcha resurs va 150 mingta ish o‘rni yaratish uchun zaxira paydo bo‘ladi. 

   Shu bois, banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.

/ Manba: https://president.uz/oz/lists/view/7769 / Ko'rishlar: 291
otchet uz.jpg

statistika uz.jpg


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech