O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi/ Brifing
O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasining ishonch telefoniga 2024 yilning 7 oyi davomida 968 ta murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning barchasi Assotsiatsiya va tijorat banklarining xodimlari bilan birgalikda tegishli tartibda o‘rganilgan.
Murojaatlarning 882 tasi savol tariqasida yoki maslahat so‘rab murojaat etilgani uchun aksariyati kelib tushgan vaqtning o‘zida yechilgan va savollarga javob berilgan. Qolgan 86 murojaatlar esa tegishli tartibda ro‘yxatga olib o‘rganilgan va hal etilgan.
Endi bevosita murojaatlar tahliliga o‘tadigan bo‘lsak, oxirgi paytlarda turli firibgarlik holatlari bo‘yicha murojaatlar ko‘p uchramoqda. Jumladan, plastik kartadan noqonuniy pul yechish, fuqaroning shaxsiy maʼlumotlarini ko‘lga kiritgan holda nomiga onlayn kreditlar olish holatlari ham uchramoqda. Bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida Assotsiatsiya, tijorat banklari va huquqni himoya qilish tashkilotlar tomonidan tizimli ishlarni olib borilmoqda. Shu o‘rinda kichik eslatma, firibgarlar tuzog‘iga tushmaslik uchun ijtimoiy tarmoqlarda yuborilayotgan tushunarsiz xabarlarga kirmang, umuman uchinchi shaxslarga o‘zingiz to‘g‘risidagi maʼlumotlarni aytmang.
Firibgarlar tomonidan so‘nggi paytlarda, fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib “Sizning nomingizga onlayn kredit olinmoqda” degan vajlar bilan soxta hujjatlar yuborilib aholining ishonchiga kirish holatlari kuzatilmoqda. Onlayn kredit olishda firibgarliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida,“Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi tomonidan “FREEZE” xizmati taqdim etildi. 2024 yil iyun sanasidan test rejimida ishga tushirilgan mazkur xizmat orqali siz kredit tarixingizni o‘rganishga taqiq qo‘yishingiz mumkin. Yaʼni endi kredit tarixingizni muzlatish orqali nomingizga boshqa shaxslar tomonidan onlayn kredit olishga cheklov qo‘yishingiz mumkin.
Ushbu xizmatdan fuqarolarimiz joriy yilning oxirigacha bepul foydalanishlari mumkin. Agar sizga kredit kerak bo‘lganda esa, ushbu xizmatni o‘chirib keyin yana qayta ulash mumkin. Ushbu xizmatni www.infokredit.uz saytidan faollashtirsa bo‘ladi.
Assotsiatsiyaga kelayotgan murojaatlar orasida imtiyozli taʼlim krediti va uni berish tartibi bo‘yicha ham ko‘p savollar uchramoqda. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab oliy va professional taʼlim tashkilotlarida tahsil olish uchun taʼlim kreditini faqat kunduzgi taʼlim shaklida o‘qiyotgan talabalarga beriladi. Shuningdek, mazkur kredit:
- oliy taʼlim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional taʼlim tashkilotlari o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida;
- oliy taʼlim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” dan past bo‘lgan taqdirda to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratish belgilangan;
- «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar farzandlari bundan mustasnodirlar.
2024/2025o‘quv yilidan boshlab endi imtiyozli taʼlim kreditlari 13,5 % da beriladi. Eslatib o‘tamiz, talaba xotin-qizlar imtiyozli taʼlim kreditining foizlarini to‘lashdan ozod etiladi.